Bugungi darsimiz boshqalardan biroz farqli bo‘ldi. Koriolis kuchini tushuntirish uchun nafaqat nazariyani o‘rganib chiqdik, balki haqiqiy tajriba ham o‘tkazdik. Ammo bu tajriba oddiy tayyor qurilmalar yordamida emas, balki o‘zimiz yig‘gan maxsus moslama orqali amalga oshirildi. Va eng qizig‘i – bu moslamani yasash uchun biz kerakli metall va yog‘och qismlarni oddiy do‘kondan emas, balki metallolomdan izladik!
Avval darsning nazariy qismida o‘quvchilarga inersial va noinersial sanoq tizimlari farqini tushuntirdim. Koriolis kuchi – noinersial sanoq tizimlarida harakat qilayotgan jismlarga ta’sir qiluvchi inersiya kuchlaridan biridir. Uni birinchi bo‘lib fransuz olimi Gaspard-Gustav Koriolis o‘rganib chiqqan. Bu kuch jismlarning yo‘nalishini o‘zgartiradi, ammo tezligini oshirmaydi yoki kamaytirmaydi.
Masalan, Yerda bu kuch tufayli shamollar, okean oqimlari va hatto uchayotgan samolyotlar yo‘nalishiga (qisman) ta’sir qilinadi. Shimoliy yarimsharda jismlar o‘ng tomonga, janubiy yarimsharda esa chap tomonga og‘adi.
Koriolis kuchini yaxshiroq tushunish uchun dars davomida maxsus tajriba o‘tkazdik. Buning uchun men yog‘och va metall plitalardan iborat maxsus qurilma tayyorladim. U o‘q atrofida aylanadigan qilib yasalgan edi. Ikki tomonida o‘quvchilar o‘tirdi, biri ikkinchisiga to‘p uloqtirdi. Biz buni ikki xil nuqtai nazardan kuzatdik.
Avvaliga yuqoridan qaraydigan, aylanuvchi kamera orqali ko‘rdik. Keyin esa oddiy, harakatsiz kamera orqali Yer bilan bog‘langan sanoq tizimidan turib kuzatdik. Yer bilan bog‘langan kamera orqali qaraganda, to‘p tekis chiziq bo‘ylab harakatlanayotganga o‘xshadi.
Ammo aylanuvchi kamera orqali qaraganimizda, to‘p trayektoriyasi egri chiziqli bo‘ldi, ya’ni Koriolis kuchining ta’sirini yaqqol ko‘rdik.
Darsning so‘ngida Koriolis kuchining tabiatdagi ahamiyatini tushuntirdim. Uraganlar nega doimo aylana shaklda harakat qiladi? Chunki issiq havo yuqoriga ko‘tarilganda va past bosimli hudud paydo bo‘lganda, atrofdagi havo shu tomonga intiladi, ammo Yerning aylanishi sababli u yo‘nalishini o‘zgartiradi va spiral bo‘ylab harakatlana boshlaydi. Samolyotlar ham uzoq masofaga parvoz qilayotganda Koriolis kuchi hisobga olinadi, aks holda ular rejalashtirilgan manzildan chetga og‘ishi mumkin.
Shu tariqa, o‘quvchilarga faqatgina nazariy ma’lumot emas, balki uni amaliy tajriba orqali ham ko‘rsatib berdim. O‘ylaymanki, bugungi darsdan so‘ng ular Koriolis kuchining qanday ishlashini va nima uchun u muhimligini aniq tushunib oldilar.