22 Dec
22Dec

220-maktabda ilm-fan va ijodga qiziquvchi yoshlar uchun “Mening ilmiy loyiham” tanlovi o‘tkazildi. Unda 6–9-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, o‘z ilmiy loyihalarini taqdim etdilar. Tanlovning asosiy maqsadi – o‘quvchilarni kashfiyot qilishga, yangi g‘oyalar ustida ishlashga va o‘z qo‘llari bilan ilmiy tajribalar o‘tkazishga undash edi.

Ishtirokchilar o‘z ijodiy yondashuvlari bilan hayratlantirishdi. Kimdir haqiqiy vulkan modeli yasab, uning qanday otilishini ko‘rsatdi. Yana bir o‘quvchi “Mening kelajakdagi maktabim” mavzusida maket tayyorladi. Boshqa bir ishtirokchi esa richagning ishlash tamoyillarini namoyish qilib, uning kundalik hayotda qanchalik foydali ekanini tushuntirdi. Har bir loyiha o‘ziga xos va qiziqarli bo‘lib, yoshlarning ijodkorligi va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.

Tanlov uchta nominatsiya bo‘yicha baholandi:

  • Eng yaxshi kreativ g‘oya;
  • Eng yaxshi namoyish;
  • Eng yaxshi tushuntirish;

G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Eng yaxshi ishlanmalar mualliflariga AirPods va Mi Band 6 aqlli soatlari topshirildi.

Bunday tanlovlarning ahamiyati juda katta. Ular o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, ilmiy izlanishlarga qiziqishini oshiradi va amaliy tajribalar o‘tkazishga undaydi. Shuningdek, ishtirokchilar sahnada o‘z g‘oyalarini himoya qilish, jamoa bilan ishlash va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini ham shakllantiradilar.

Kelgusida bu tanlov yanada kengroq miqyosda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ilm-fan va ijodga qiziquvchi yoshlar safi kengayib, yangi g‘oyalar yuzaga chiqishiga umid qilamiz!